Universitet Ta'lim Ilmiy-innovatsion faoliyat
Xalqaro faoliyat Talabalar hayoti Qabul 2023 SDG
Oʼzbekcha
English Русский
Network error!
Server error!

Toshkent davlat yuridik universiteti



Unversitet haqida


Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU) yuridik kadrlarni tayyorlash bo'yicha O'zbekistonda tayanch oliy o'quv va ilmiy-uslubiy muassasa hisoblanadi.

Oliygoh tarixi, davlatimizda milliy huquqshunoslik maktabining rivojlanishi va Xadicha Sulaymonova, Hojiakbar Rahmonqulov, Boris Blinder, Georgiy Sarkisyans, Anvar Agzamxodjayev, Shavkat Urazayev, Shoakbar Shoahmedov, G'afur Abdumajidov, Ikrom Zokirov kabi ko'zga ko'ringan yetuk huquqshunos-olimlar hamda milliy huquqshunosligimizga katta hissa qo'shgan boshqa ko'plab huquqshunoslar nomlari bilan chambarchas bog'liqdir.

1991-yil 15-avgustda Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko'ra Toshkent davlat universitetidan Toshkent davlat yuridik instituti nomi bilan ajralib chiqdi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 28 iyundagi PQ–1990-son qarori bilan Toshkent davlat yuridik instituti, Toshkent davlat yuridik universitetiga aylantirildi.

Universitet o'z faoliyatini mustaqil o'quv va ilmiy-izlanish muassasasi sifatida boshlaganidan to bugungi kunga qadar ko'p yillik an'analarni o'zida saqlab kelgan holda, o'quv jarayoniga yangi pedagogik texnologiyalarni faol tatbiq etmoqda. Qonun chiqarish va uni qo'llashning dolzarb masalalari bo'yicha fundamental va ilmiy izlanishlar olib bormoqda hamda jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirishga qaratilgan keng qamrovli ma'naviy-ma'rifiy faoliyatni amalga oshirmoqda.

Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan bakalavr, magistr, doktorant va mustaqil izlanuvchi darajasidagi mutaxassislar tayyorlanadi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-apreldagi “O'zbekiston Respublikasida yuridik ta'lim va fanni tubdan takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PF–5987-son Farmoniga muvofiq TDYU tashkiliy tuzilmasi qayta ko'rib chiqildi va yangi fakultetlar va tarkibiy bo'linmalar tashkil etildi.

Hozirda Toshkent davlat yuridik universitetida 4 ta fakultet faoliyat yuritmoqda.


Bular:

1. Ommaviy huquqiy

2. Jinoiy odil sudlovi

3. Xususiy huquq

4. Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakul`tetlaridir.




Mazkur fakultetlar kesimida bir nechta yangi kafedra va markazlar tashkil etilgan bo'lib, Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi, Ma'muriy va moliya huquqi kafedrasi, Sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va advokatura kafedrasi, Kriminalistika va sud ekspertizasi kafedrasi, Yapon huquqini o'rganish markazi, Nemis huquqi va qiyosiy-huquqiy tadqiqotlar markazi shular jumlasidandir.

Universitetda 19 ta kafedra mavjud. Universitet ilmiy salohiyat ko‘rsatkichi 2021-yil fevral holatiga ko‘ra, 41,2 foizni tashkil etmoqda. Kelgusi 5 yil ichida ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash orqali ilmiy salohiyatni kamida 70 foizga yetkazish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ma’lumot uchun: bugungi kunda universitetda 279 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritib, ularning 33 nafari fan doktori (DSc), 82 nafari fan nomzodi (shundan, falsafa fanlari doktori (PhD) 29 nafar), 23 nafari professor, 42 nafari dosent ilmiy daraja va unvonlariga ega.

Universitetda o'quv jarayoni mamlakatimizda yangi tizim bo'lgan kredit-modul tizimi asosida yo'lga qo'yilgan.

Talabalarning fanlarni tanlash imkoniyatini ta'minlagan holda Yevropa kredit tizimi - ECTS (European Credit Transfer and Accumulation System) joriy etildi.

Mazkur 2020/2021 o'quv yilidan boshlab universitetda masofaviy ta'lim shaklida bakalavriat va magistraturaga qabul amalga oshirilmoqda.

Universitetda “Ikki tomonlama diplom” (double degree) taqdim etishni nazarda tutuvchi qo'shma ta'lim dasturlari joriy etilmoqda.

Bugungi kunda Toshkent davlat yuridik universitetining bakalavr bosqichida 4 426 nafar talaba, magistratura bosqichida esa 269 nafar talaba tahsil olmoqda.

 

Mashg‘ulotlar o‘zbek, rus va ingliz tilida olib boriladi.

Qo'shma ta'lim dasturlari doirasida Belarus Respublikasining Yanka Kupala nomidagi Grodno davlat universiteti bilan xalqaro xususiy huquq, Qozog'iston Respublikasining M.S.Narikbaev nomidagi KAZGYU universiteti bilan “Xalqaro iqtisodiy huquq” ta'lim yo'nalishi bo'yicha bakalavrlar tayyorlash haqida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, Turkiyaning Anqara Boyazid Yildirim universiteti, Polshaning Varshava universiteti bilan qo'shma ta'lim dasturlarini yo'lga qo'yish masalasida muzokaralar olib borilmoqda.

TDYUda shaffoflikni ta'minlash, talaba va o'qituvchilarga qulaylik yaratish maqsadida o'quv jarayonini raqamlashtirish, shu jumladan mashg'ulotlar jadvalini shakllantirish, imtihonlarni o'tkazish, baholash, talabalar reytingini shakllantirish va elektron hujjat almashinuviga o'tishni joriy etishni nazarda tutuvchi “Elektron universitet” (E-University) platformasi ishga tushirilmoqda. Ushbu platforma talabalar va ularning ota-onalariga, keng jamoatchilikka universitet faoliyatiga oid barcha jarayonlarni kuzatib borish va bevosita ishtirok etish imkonini beradi hamda jarayonlarni ochiq va oshkoraligini ta'minlaydi.

Korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish universitetning eng asosiy vazifalardan biridir. Shu nuqtai nazardan Universitetda Korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi qabul qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha Komissiyasi tuzildi. Shuningdek, Odob-axloq kodeksi ishlab chiqildi. Korrupsiya faktlari haqidagi ma'lumotlarni qabul qilish bo'yicha qayta aloqa tizimini yaratish, talabalar o'rtasida korrupsiya masalalari bo'yicha tizimli asosda so'rovlar o'tkazib borish va ularning natijalari bo'yicha amaliy choralar ko'rish, imtihon jarayoni ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmlari joriy etilmoqda.

TDYU Universitetlar xalqaro assotsiatsiyasi (International Association of Universities – IAU), Yuridik maktablar xalqaro assotsiatsiyasi (International Association of Law Schools – IALS), Yevropa huquq fakul`tetlari assotsiatsiyasi (European Law Faculties Association – ELFA) kabi xalqaro tashkilotlarning to'laqonli a'zoligiga qabul qilindi. Hozirgi vaqtda Universitetlar buyuk xartiyasi (Magna charta) va Yevropa oliy ta'lim muassasalari uyushmasi (EURASHE)ga a'zo bo'lish yuzasidan arizalar topshirildi.

Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasida quyidagi mutaxassisliklar bo'yicha kadrlar tayyorlanadi (o'quv muddati – 1 yil):

1. Advokatlik faoliyati

2. Xalqaro arbitraj va nizolarni hal etish

3. Sport huquqi

4. Davlat boshqaruvi huquqi

5. Biznes huquqi

6. Mehnat huquqi

7. Jinoyat qonunchiligini qo'llash nazariyasi va amaliyoti,

8. Intellektual mulk va axborot texnologiyalari huquqi

Shuningdek, universitet huzurida Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo'yicha professional o'qitish markazi, profilaktika inspektorlarini tayyorlash va malakasini oshirish bo'yicha universitetning Ixtisoslashtirilgan filiali hamda universitet huzuridagi akademik litseyi faoliyat yuritmoqda.

Shu bilan birga, respublikamizning har bir hududida tashkil etilgan Adliya vazirligining yuridik texnikumlari faoliyati universitet tomonidan muvofiqlashtirib borilmoqda.