--:--:-- ·
TDYU 35 YOSHDA ✦✦✦✦
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Oʼzbekcha
English Русский
Universitet Ta'lim Ilmiy-innovatsion faoliyat
Xalqaro faoliyat Talabalar hayoti Qabul 2026 SDG
Oʼzbekcha
English Русский
Network error!

Universitet professorlar kengashi (Senate of Professors)

Umumiy ma’lumot

Toshkent davlat yuridik universiteti Professorlar kengashi (Senate of Professors) — universitet boshqaruvida professor-o‘qituvchilarning ishtirokini kengaytirish, akademik hamjamiyatning qarorlar qabul qilishdagi rolini oshirish hamda kollegial boshqaruv tamoyillarini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan kollegial organ hisoblanadi.

Professorlar kengashi o‘z vakolatlari doirasida ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, akademik halollik va tadqiqot etikasi, universitetning strategik rivojlanishi hamda xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilash bilan bog‘liq muhim masalalar yuzasidan faoliyat olib boradi.

Kengash o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi, universitet Ustavi, ichki hujjatlari hamda Universitet professorlar kengashi to‘g‘risidagi Nizomga amal qiladi.

Kengashning maqsad va asosiy vazifalari

Professorlar kengashining asosiy maqsadi universitetda akademik boshqaruv samaradorligini oshirish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy va kasbiy salohiyatidan strategik qarorlarni ishlab chiqish va qabul qilishda foydalanish, shuningdek, ta’lim va ilmiy faoliyatni rivojlantirishga ko‘maklashishdan iborat.

Kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • universitetning o‘rta va uzoq muddatli strategik rivojlanish yo‘nalishlarini belgilash va tegishli dasturlarni tasdiqlash;
  • ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surish;
  • huquqshunoslik sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash;
  • akademik halollik va tadqiqot etikasi standartlarini shakllantirish va tasdiqlash;
  • hamda nizomda belgilangan boshqa vazifalarni amalga oshiradi

Kengashni shakllantirish tartibi

Professorlar kengashi universitetning kamida 9 nafar tajribali professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlaridan iborat toq sonli tarkibda shakllantiriladi.

Kengash a’zolarining vakolat muddati — 5 yil. Ayni bir shaxs ketma-ket ikki muddatdan ortiq Kengash a’zosi etib saylanishi mumkin emas.

Kengash a’zoligiga yuqori ilmiy salohiyat, kasbiy tajriba va yuksak ma’naviy fazilatlarga ega, o‘z faoliyatida muhim natijalarga erishgan, shuningdek, Nizomda belgilangan quyidagi mezonlardan biriga javob beruvchi nomzodlar saylanishi mumkin:

  • qoida tariqasida, universitetda kamida 25 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan hamda uning rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shgan professor-o‘qituvchilar;
  • xalqaro reytinglarda yuqori 300 talikka kiruvchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ilmiy daraja olgan mutaxassislar;
  • davlat va jamiyat faoliyatining turli sohalarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan, alohida xizmat ko‘rsatgan va universitet rektori tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar.

Kengash a’zoligiga nomzodlar professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlarning o‘z tashabbusi, universitet akademik shu’balari va tadqiqot bo‘limlari hamda rektor tomonidan ilgari surilishi mumkin.

Kengash a’zolari saylov asosida, yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi.

Kengash faoliyatining tashkiliy ta’minoti rais, rais o‘rinbosari va kotib tomonidan amalga oshiriladi.

Kengashning hisobdorligi

Professorlar kengashi faoliyatida ochiqlik, kollegiallik va hisobdorlik tamoyillari muhim o‘rin tutadi.

Kengash raisi har o‘quv yili yakunida, yiliga bir marta Kengash faoliyati yuzasidan Toshkent davlat yuridik universiteti Kengashiga axborot taqdim etadi.

TDYU Professorlar kengashi tarkibi

TDYU Professorlar kengashi tarkibi
Qabul bo'yicha murojaat boti