Missiya, strategik qarash, qadriyatlar va strategik maqsadlar
Missiyamiz
Toshkent davlat yuridik universiteti o‘zining butun jamoasi uchun ijodkorlik va innovatsiyalar qo‘llab-quvvatlanadigan, barchaga ochiq, tenglik va hurmatga asoslangan, hamkorlik ruhi ustuvor bo‘lgan muhitni ta’minlaydi.
Shiddat bilan o‘zgarib borayotgan zamon talablariga mos yuqori sifatli ta’limni taqdim etish hamda xalqaro miqyosda e’tirof etilgan fundamental va amaliy tadqiqotlar natijalarini ta’lim jarayoniga tatbiq etish orqali universitet o‘z bitiruvchilari va boshqa manfaatdor tomonlarning muvaffaqiyatiga mustahkam zamin yaratadi.
Mustahkam bilim, keng dunyoqarash va o‘zgarishlarga moslashish salohiyatiga ega, jamiyat va davlat manfaatlarini shaxsiy manfaatlardan ustun qo‘yadigan hamda adolatni yuksak qadriyat sifatida e’tirof etadigan yuridik kadrlarni tayyorlash — Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti va kelajagi uchun mustahkam poydevordir.
Strategik qarashimiz
2030-yilga kelib, TDYU qanday universitet bo‘lishini istaymiz?
Ta’lim, tadqiqot va huquqiy amaliyotning uzviy integratsiyasiga asoslangan, akademik erkinlik va kollegial boshqaruvni qadrlaydigan, ta’lim demokratiyasiga sodiq, innovatsiyalar va xalqaro hamkorlik borasida ilg‘or, zamonaviy va global miqyosda e’tirof etilgan yuridik universitet.
Qadriyatlarimiz
TDYU o‘z faoliyatida quyidagi oltita asosiy qadriyatga tayanadi.
Adolat Adolat — TDYUning eng muhim qadriyatlaridan biri bo‘lib, Universitetning ta’lim, ilmiy tadqiqot, boshqaruv va kundalik faoliyatining ajralmas tamoyilidir. Biz barcha shaxslar va guruhlarga nisbatan xolis, teng va haqqoniy munosabatni ta’minlashga, qarorlarimiz va faoliyatimizda adolat tamoyillariga qat’iy amal qilishga intilamiz. | Mas’uliyat Mas’uliyat — talabalarga sifatli yuridik ta’lim berish, ularni yetuk va malakali yuridik kadrlar sifatida tayyorlash, shuningdek, ularning kelajagi va kasbiy rivoji uchun qayg‘urishda namoyon bo‘ladi. Biz o‘z faoliyatimiz natijalari, talabalarimizning ta’lim olishi va kelajakdagi muvaffaqiyati uchun mas’uliyatni chuqur his qilamiz. | Xilma-xillik Xilma-xillik — turli kelib chiqish, tajriba va qarashlarga ega bo‘lgan insonlarni ochiq qabul qilishda namoyon bo‘ladi. Har bir insonning o‘ziga xosligini qadrlaymiz hamda turli nuqtayi nazarlar orqali ta’lim va akademik muhitni boyitib boramiz. |
Hamkorlik Hamkorlik — Universitet manfaatlari yo‘lida birgalikda harakat qilish, qiyinchilik va yutuqlarni hamjihatlikda baham ko‘rish hamda umumiy maqsadlar sari yelkama-yelka harakat qilishda namoyon bo‘ladi. Biz o‘zaro ishonch, qo‘llab-quvvatlash va jamoaviy mas’uliyat asosida faoliyat yuritamiz. | Ijodkorlik va mukammallik Ijodkorlik va mukammallik — yangilik va yangi imkoniyatlarga ochiqlik, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va Universitet faoliyatining barcha yo‘nalishlarini izchil takomillashtirib borishga bo‘lgan qat’iy intilishda namoyon bo‘ladi. Biz yuqori natijalarga erishish va mavjud imkoniyatlardan yangicha usullarda foydalanishga intilamiz. | Hurmat Hurmat — har bir shaxsga uning qadr-qimmati va huquqlarini e’zozlagan holda munosabatda bo‘lishda, o‘zaro mehribonlik va tushunishni qaror toptirib, turli qarashlarni qadrlash hamda ijobiy va sog‘lom munosabatlar rivojlanadigan muhitni shakllantirishda namoyon bo‘ladi. |
Strategik maqsadlarimiz
Universitetning strategik maqsadlari uning missiyasi, qadriyatlari va uzoq muddatli rivojlanish qarashlarini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etadi. Ular Universitetning 2030-yilgacha bo‘lgan strategik vazifalarini belgilash bilan bir qatorda, uning keyingi istiqboldagi taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratishga qaratilgan.
Strategik maqsadlar quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda jamlangan:
Ilg‘or yuridik ta’lim va raqobatbardosh kadrlar | Ta’lim–tadqiqot–amaliyot integratsiyasi |
Xalqaro hamkorlik va global maydonda milliy yurisprudensiyaning ilmiy nufuzini oshirish | Yuqori akademik salohiyatga ega ilmiy jamoa |
Universitet 5.0, barqaror rivojlanish va raqamlashtirish | Strategiya ijrosining asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari |
Tashqi muhitdagi o‘zgarishlar va strategik xavflarni boshqarish | |
Mazkur yo‘nalishlar doirasida belgilangan maqsad va vazifalarning ijrosi sifat va miqdoriy ko‘rsatkichlar orqali muntazam baholanib boriladi. Strategik natijadorlik esa universitet faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlari, belgilangan samaradorlik mezonlari hamda 2030-yilgacha erishilishi ko‘zda tutilgan natijalar asosida monitoring qilinadi.
“TDYU–2030” taraqqiyot strategiyasi — Yuklab olish