“Xalqaro huquq va inson huquqlari” kafedrasi professori Abdumuxtor Rahmanov tashabbusi bilan Xalqaro jinoyat huquqi fani bo‘yicha magistratura bosqichi talabalari uchun maxsus mahorat darsi tashkil etildi. Mashg‘ulotni Curtin University hamda Murdoch University (Dubai Campus)da faoliyat yuritayotgan, xalqaro huquq yo‘nalishida PhD in Law ilmiy darajasiga ega olim doktor Hassana Qadriy olib bordi. Uning ilmiy va pedagogik faoliyati xalqaro jinoyat huquqi hamda transmilliy jinoyatlar masalalariga yo‘naltirilgan bo‘lib, mahorat darsi davomida nazariy bilimlar amaliy misollar bilan uyg‘un holda bayon etildi.
Mashg‘ulot jarayonida xalqaro jinoyat huquqining dolzarb masalalari, sohadagi zamonaviy tendensiyalar hamda real holatlar asosida muhim tushunchalar atroflicha yoritildi.
***
Toshkent davlat yuridik universitetining “Xalqaro huquq va inson huquqlari” magistratura ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun “Xalqaro shartnomalar huquqi” fani doirasida navbatdagi amaliy mahorat darsi tashkil etildi. Mazkur mashg‘ulot O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Shartnoma-huquq boshqarmasi xodimi U. Xodjayev ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Mahorat darsi davomida xalqaro shartnomalar bo‘yicha muzokaralar olib borish jarayoni, ularni ratifikatsiya qilish va shartnomalarga qo‘shilish tartibi, mazkur jarayonlarda davlat boshqaruv organlarining ishtiroki, shuningdek, xalqaro shartnomalarni inventarizatsiya qilish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish masalalari amaliy misollar asosida atroflicha tushuntirildi.
***
TDYU huzuridagi M.S. Vosiqova nomidagi akademik litseyda “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro me’yorlar” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi. Mazkur mashg‘ulotni Toshkent davlat yuridik universiteti “Xalqaro huquq va inson huquqlari” kafedrasi katta o‘qituvchisi Jasurbek Jumaniyazov olib bordi.
Mahorat darsi davomida inson huquqlari sohasida faoliyat yurituvchi asosiy xalqaro tashkilotlar, xalqaro hujjatlarning qabul qilinishi jarayoni, ularning mazmun-mohiyati hamda amaliyotda qo‘llanish mexanizmlari real misollar asosida atroflicha yoritildi.
Shuningdek, tinglovchilarga nazariy bilimlarni mustahkamlashga xizmat qiluvchi real holatlar hamda huquqni qo‘llash amaliyoti namoyish etilib, ishtirokchilarning mazkur soha bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qildi.
***
Toshkent davlat yuridik universitetida Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakultetining 4-bosqich talabalari uchun mahorat darsi tashkil etildi. Mazkur mashg‘ulotni O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Sun’iy intellekt boshqarmasi boshlig‘i Sarvarbek Sadullayev olib bordi.
Mahorat darsi davomida “Sun’iy intellekt va Industry 4.0: To‘rtinchi sanoat inqilobi hamda raqamli diplomatiya” mavzusida ma’ruza o‘qilib, unda sun’iy intellektning global boshqaruv, diplomatik jarayonlar va texnologik transformatsiyadagi o‘rni atroflicha yoritildi.