Mamlakatimizda bola huquqlarini ta’minlash, ularni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish hamda xavfsiz va sog‘lom muhitda voyaga yetishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
2026-yil 14-oktabrda e’lon qilingan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ushbu yo‘nalishdagi huquqiy islohotlarning muhim davomi bo‘ldi.
Ayniqsa, bolalarning jinsiy daxlsizligiga qarshi ayrim og‘ir jinoyatlar uchun jazo choralarining kuchaytirilishi, ta’lim tashkilotlari xodimlarining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun mas’uliyatiga oid qo‘shimcha huquqiy asoslarning belgilanishi alohida ahamiyatga ega.
Ta’kidlash joiz, ta’lim muassasasi bola uchun nafaqat bilim va tarbiya maskani, balki uning sha’ni, qadr-qimmati va huquqlari hurmat qilinadigan xavfsiz muhit bo‘lishi lozim. Shu sababli bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olishda pedagoglarning kasbiy va huquqiy mas’uliyatini kuchaytirish muhim o‘rin tutadi.
Shuningdek, yangi qonunda zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarning davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqi mustahkamlangani ham e’tiborga molik. Bu kafolat bolaning huquqlarini nafaqat qonunchilikda e’tirof etish, balki ularni amalda himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Mazkur qonunning muhim jihati shundaki, unda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish masalasiga faqat javobgarlikni kuchaytirish orqali emas, balki huquqbuzarliklarning oldini olish, jabrlangan bolalarning manfaatlarini himoya qilish va mas’ul shaxslarning javobgarligini oshirish orqali ham yondashilmoqda.
Albatta, qonunchilikdagi ushbu o‘zgarishlarning samarali amalga oshirilishi jamiyatda bola huquqlariga hurmatni yanada mustahkamlash, huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda har bir bolaning xavfsiz va munosib sharoitda ulg‘ayishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Zero, bola huquqlarini himoya qilish — inson qadrini ulug‘lash va kelajak avlod oldidagi mas’uliyatimizning amaliy ifodasidir.