Toshkent davlat yuridik universiteti Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i, professor Ikrom Ergashev va Xususiy huquq fakulteti dekani o‘rinbosari Elyor Rahmatov Gaaga xalqaro huquq akademiyasining Bosh kotibi professor Jan-Mark Tuvenin bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ikki nufuzli ta’lim muassasasi o‘rtasida akademik hamkorlikni rivojlantirish, xususan, TDYU va Gaaga akademiyasi o‘rtasida professor-o‘qituvchilar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tajriba almashish va ilmiy tadbirlarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar xalqaro huquqning dolzarb muammolari bo‘yicha birgalikda tadqiqot olib borish, ilmiy nashrlar tayyorlash va xalqaro konferensiyalarda qatnashish, shuningdek, Gaaga akademiyasining yetakchi professorlari ishtirokida TDYU o‘qituvchilari uchun maxsus kurslar tashkil etish hamda universitet vakillarining Gaagadagi nufuzli xalqaro huquq ta’lim markazida malaka oshirish imkoniyatlarini yaratish bo‘yicha fikr almashdi.
Muzokaralar davomida strategik aloqalarni mustahkamlash, xalqaro huquq sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash va ilmiy tadqiqotlarni birgalikda olib borish bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mazkur hamkorlik O‘zbekiston huquqshunoslarining xalqaro huquq sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlash hamda mamlakatimizning xalqaro huquq maydonidagi nufuzini yanada mustahkamlash uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumot uchun: Niderlandiya qirolligining Gaaga shahrida joylashgan Gaaga xalqaro huquq akademiyasi 1923-yildan beri faoliyat yuritayotgan dunyoning eng nufuzli ta’lim muassasasi hisoblanadi.