Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Yevropa Ittifoqi hamkorligida Bo‘stonliq tumanida oliy o‘quv yurtlari yuridik klinikalari talabalari uchun “Boshqaruvda halollikni shakllantirish: huquqiy ta’lim — korrupsiyaga qarshi islohotlar vositasi sifatida” mavzusida yozgi maktab tashkil etildi. Unda turli vazirlik va idoralar vakillari, ekspertlar va mutaxassislar, talabalar, jumladan, TDYU Yuridik klinikasi volontyor-talabalari ham ishtirok etdi.
“O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimini mustahkamlash” qo‘shma loyihasi doirasida o‘tkazilgan yozgi maktab doirasida korrupsiyaga qarshi davlat siyosati, ochiq ma’lumotlardan foydalanish, jamoatchilik nazorati, gender masalalari va xalqaro standartlar kabi yo‘nalishlarda interaktiv sessiyalar tashkil etildi.
“Yuridik amaliyotda noxolislik, etika va halollik” mavzusida o‘tkazilgan sessiyani Toshkent davlat yuridik universiteti yuridik klinikasi rahbari Otabek Narziyev olib bordi. Huquqiy amaliyotda uchraydigan axloqiy dilemmalar, yashirin tarafkashlik va kasbiy etikaga oid vaziyatlar tahlil qilingan mashg‘ulot ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Real hayot misollar asosida ishlab chiqilgan mashqlar talabalarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirish imkonini berdi.
Yozgi maktab yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar korrupsiyaga qarshi shaxsiy harakat rejalarini ishlab chiqdi va sertifikatlar bilan taqdirlandi.