Universitet Ta'lim Ilmiy-innovatsion faoliyat
Xalqaro faoliyat Talabalar hayoti Qabul 2023 SDG
Oʼzbekcha
English Русский
Network error!

TDYU “Fuqarolik prosessual va iqtisodiy prosessual huquqi” kafedrasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, BMT Taraqqiyot dasturi (BMT TD), AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining veb-saytida e’lon qilingan sud hujjatlarini tahlil qilish bo‘yicha tanlov tashkil etilmoqda.

Talabalarning bilim, malakasi va amaliy ko‘nikmalarini aniqlash, ularni elektron odil sudlov vositalaridan keng foydalanishiga ko‘mak berish hamda mamlakatimizda o‘tkazilayotgan demokratik va huquqiy islohotlarning yuqori talablariga, zamonaviy xalqaro standartlarga javob bera oladigan yuridik kadrlarni rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilayotgan tanlovda Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining 2-4 kurs talabalari ishtirok etishi mumkin.


Tanlov ikki bosqichda o‘tkaziladi. 


Birinchi bosqichda (20-yanvardan 20-martgacha) ishtirokchilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining veb-saytida e’lon qilingan sud hujjatlari tahlili bo‘yicha tayyorlangan ishlarni tanlov komissiyasiga qog‘oz yoki elektron shaklda taqdim etiladi. 


Ikkinchi bosqichda (21-martdan 20-aprelgacha) tanlovga taqdim etilgan ishlar komissiya tomonidan o‘rganiladi, baholanadi va yuqori ball to‘plagan ishtirokchilar aniqlanadi.


Ishtirokchilarni baholashda sud hujjatlari tahlil qilishda huquqiy atamalarni to‘g‘ri qo‘llanilishi, tegishli normativ-huquqiy hujjatlardan va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud Plenum qarorlaridan foydalanganlik darajasi, keltirilgan fikr-mulohazaning ilmiy-amaliy asoslantirilgani, kasb va odob-ahloq qoidalariga rioya etilishi (plagiat, ma’lumotlarni soxtalashtirish, yolg‘on sitatalar keltirishga yo‘l qo‘yilmasligi), sud qarorlarini ish turlari bo‘yicha tasniflanishiga e’tibor qaratiladi. 


Tanlovga jo‘natiladigan ishlarning titul varag‘ida oliy ta’lim muassasasi nomi, tanlov ishtirokchisi F.I.Sh., telefon raqami, kursi va hujjatlar tahlil qilingan sudning nomi (fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy va jinoiy sud) ko‘rsatilishi lozim. Tahliliy material matni Times New Roman shriftida, 14 o‘lchamda, 1.5 intervalda bo‘lishi, har bir sahifa raqamlanishi, sahifa mo‘ljali kitob shaklida, yuqori va pastki maydoni – 2 sm, o‘ng taraf – 1,5 sm, chap taraf – 3 sm va kamida 2000 (ikki ming) so‘zdan iborat bo‘lishi, hujjat oxirida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining veb-saytida e’lon qilingan sud qarorlari bo‘yicha tahlil qilgan sud hujjatlari, ishning tartib raqami, ish turi, ish ko‘rilgan sana ko‘rsatilishi kerak. Tahlil jarayonida kamida 30ta (3-o‘rin uchun), 40ta (2-o‘rin uchun), 50ta (1-o‘rin uchun) sud hujjati o‘rganilishi shart.  


Belgilangan talablarga muvofiq kelmaydigan, plagiatga yo‘l qo‘yilgan va muallifi ko‘rsatilmagan hamda belgilangan muddatdan keyin taqdim etilgan ishlar ko‘rib chiqilmaydi

Har bir yo‘nalishdagi (fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy va jinoyat) sud hujjatlari tahlili bo‘yicha to‘plagan balldan kelib chiqqan holda g‘oliblar aniqlanadi. Topshirilgan ishlar 100 ballik tizimda baholanadi.

Tanlovda 1-o‘rinni egallagan ishtirokchi zamonaviy noutbuk, 2-o‘rin “Samsung Galaxy Tab” plansheti, 3-o‘rin qo‘shimcha tashqi xotira qurilmasi (1tb) bilan taqdirlanadi.   


Tanlov g‘oliblari mayda e’lon qilinadi. 


Bizning manzil va bog‘lanish uchun telefon raqamlari: Toshkent davlat yuridik universiteti 2-o‘quv binosi 209-xona. Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi 35-uy, Telefon:  (+99871) 2336636 (1178); (+99890) 328-42-09; (+99897) 769-18-23; (+99890) 124-16-00; (+99897) 755-40-89; (+99897) 757-74-32; (D.Xabibullayev, A.Xakberdiyev, G.Mamaraimova, O.Pirmatov, A.Xayrulina), d.xabibullayev@tsul.uz

Hodisalar

Barcha e'lonlar