Universitet Ta'lim Ilmiy-innovatsion faoliyat
Xalqaro faoliyat Talabalar hayoti Qabul 2023 SDG
Oʼzbekcha
English Русский
Network error!

“OTM matbuot xizmati — 2023. Oliy ta’lim muassasalari matbuot xizmatlarini rivojlantirish: muammo va huquqiy yechimlar” mavzusidagi o‘quv seminari yakunlandi

Toshkent davlat yuridik universitetida “OTM matbuot xizmati — 2023. Oliy ta’lim muassasalari matbuot xizmatlarini rivojlantirish: muammo va huquqiy yechimlar” mavzusidagi o‘quv seminari tashkil etildi.

Toshkent davlat yuridik universiteti tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi bilan hamkorlikda oliy ta’lim muassasalarida axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish, axborot xizmatlari xodimlari o‘rtasida tajriba almashish uchun keng maydon yaratish, ular o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, oliy ta’lim sohasidagi islohotlarni aholiga tezkorlik bilan yetkazish, oliy ta’lim muassasalari axborot xizmatlarining tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, sohada uchrayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish hamda bu bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari matbuot kotiblarining fikr-mulohazalarini tinglash maqsadida tashkil etilgan seminarda TDYU rektori v.v.b. Islambek Rustambekov, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalari universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja, soha mutaxassislari, respublikamizdagi 100 dan ortiq oliy ta’lim muassasasining matbuot kotiblari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda “Axborot olish va tarqatishning huquqiy asoslari”, “Noto‘g‘ri ma’lumot tarqatganlik uchun javobgarlik, rasmiy munosabat bildirish usullari va raddiya berish tartibi”, “Shaxsiy hayot daxlsizligi va so‘z erkinligi: oqilona muvozanat”, “Tashkilot faoliyati haqida qanday gapirish/yozish kerak?”, “Ommaviy axborot vositalarida shaxs sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini yoritish masalalari”, “Oliy ta’lim tashkilotlari matbuot xizmati faoliyatini takomillashtirish (zamonaviy kontent, dizayn, maxsus dasturlar)” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglanib, mavzular yuzasidan muhokamalar o‘tkazildi.

Seminar doirasida axborot xizmati faoliyati namunali yo‘lga qo‘yilgan oliy ta’lim muassasalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.

O‘quv seminari doirasida oliy ta’lim muassasalari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish, sohada uchrayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Hodisalar

Barcha e'lonlar