Oʼzbekcha
English Русский
Universitet Ta'lim Ilmiy-innovatsion faoliyat
Xalqaro faoliyat Talabalar hayoti Qabul 2025 SDG
Oʼzbekcha
English Русский
Network error!

Toshkent davlat yuridik universitetida Maqsadli kapital jamoat fondi (Endowment Fund) tuzildi

Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan mamlakatimizda ilk marotaba oliy ta’lim muassasasi faoliyatini moliyalashtirishning yangi manbai bo‘ladigan Maqsadli kapital jamoat fondi (Endowment Fund) tashkil etildi.

Universitet xodim va talabalarini dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot institutlari hamda xalqaro tashkilotlarda malaka oshirishi, ta’lim olishi va stajirovka o‘tashini tashkil etish orqali kadrlar salohiyatini yuksaltirish, universitetning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga ko‘maklashish maqsadida tuzilgan Maqsadli kapital jamoat fondi nodavlat notijorat tashkiloti sifatida Adliya vazirligidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. 

Mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari uchun yangilik bo‘lgan Endowment Fund xalqaro tajribada oliy ta’lim tashkilotlari faoliyatini moliyalashtirishning eng samarali bozor mexanizmlaridan biri hisoblanadi. 

TDYU Maqsadli kapital jamoat fondi ham universitetning o‘z oldiga qo‘ygan ustuvor yo‘nalishlarini inobatga olgan holda ilm-fan, ta’limni yanada rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator dasturlarni amalga oshiradi. 

Xususan, fond tomonidan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash maqsadida universit xodimlari, doktorantlari va talabalarini rivojlangan xorijiy davlatlarning yetakchi ta’lim, ilmiy muassasalari va boshqa nufuzli tashkilotlariga ta’lim olish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, stajirovka o‘tash va malaka oshirishga yuborish bo‘yicha stipendiya va grantlar e'lon qilinadi. 

Iqtidorli talabalar o‘z bilimini yanada mustahkamlashi uchun zarur o‘quv va ilmiy adabiyotlar hamda jihozlar bilan ta’minlanadi hamda ular o‘z ustida ishlashi va ilmiy salohiyatini muntazam oshirib borishi uchun muntazam moddiy qo‘llab-quvvatlanib, rag‘batlantirib boriladi. 

Shuningdek, turli olimpiada, musobaqa va tanlovlarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan talabalarning nafaqat o‘zi, balki ustozlari ham fond hisobidan rag‘batlantiriladi.

Yana bir asosiy jihat. Kam ta’minlangan oilalar va yetim bolalar toifasiga kiruvchi talabalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy faol va universitetda samarali mehnat qilayotgan xodimlarni moddiy rag‘batlantirish, ularning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashish ham fondning asosiy vazifalaridan hisoblanadi. 

Shu bilan birga fond mablag‘lari universitet moddiy-texnika bazasini yaxshilash, xususan, xalqaro darajadagi oliy ta’lim muassasasi bo‘lishi uchun zamonaviy kampusni barpo etish va jihozlashga ham yo‘naltiriladi. 

TDYU Maqsadli kapital jamoat fondi (Endowment Fund) mablag‘lari yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan, universitet bitiruvchilarining ixtiyoriy xayriya mablag‘lari, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining grantlari va beg‘araz o‘tkazilgan mablag‘lari, fondning tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllanadi.

Ma’lumot uchun, AQSh universitetlarida 800 dan ortiq (Garvard, Yel, Prinston, Stenford universitetlari eng yirik fondlarga ega) Endowment Fundlar bo‘lib, ularning umumiy kapitali 2 trillion dollarga teng. Dunyodagi eng katta maqsadli kapital jamoat fondi Garvard universitetiga tegishli bo‘lib, uning umumiy byudjeti 36 milliard dollarni tashkil etadi. 

So`ngi yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-dekabrdagi “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4910-son qarorida ko‘zda tutilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, TDYU huzuridagi M.S.Vosiqova nomidagi akademik litseyda ingliz tili fanidan “Law and Society” mavzusida Toshkent davlat yuridik universiteti Xorijiy tillar kafedrasi dotsenti vazifasini bajaruvchi Umida Xaydarova tomonidan mahorat darsi tashkil etildi. Mashg‘ulot davomida o‘quvchilarning til ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, huquqiy mavzular asosida so‘z boyligini kengaytirish, og‘zaki nutqni rivojlantirish, fikrni mantiqiy va asosli bayon etish ko‘nikmalari shakllantirildi. Interaktiv muhokamalar, savol-javoblar va amaliy vaziyatlar orqali tinglab tushunish hamda tanqidiy fikrlash kompetensiyalari mustahkamlandi. *** Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan Germaniyaning Regensburg universiteti yuridik fakulteti talabalari uchun “Raqamli asrda ta’lim oluvchilarning vaqtni boshqarish kompetensiyalariga smartfonlarning ta’siri” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi. Professor Mixaela Trenner-Xaberkorn bilan hamkorlikda tashkil etilgan mashg‘ulotni TDYU Xorijiy tillar sho‘basi professori v.b. Sarvar Akobirova, kafedra dotsenti v.b. Muyassarxon Baxriddinova hamda Huquq, jamiyat va madaniyat sho‘basi professori Minavvarxon Yunusova olib bordi. Mahorat darsida smartfon va raqamli qurilmalarning ta’lim jarayoni, diqqatni jamlash, rejalashtirish va vaqtni oqilona taqsimlashga ta’siri, zamonaviy vaqtni boshqarish usullari, raqamli intizomni shakllantirish, o‘quv jarayonida texnologiyalardan unumli foydalanish masalalari muhokama qilindi. *** Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi o‘qituvchilari O. Saidov, Sh. Abdussatorov hamda A. Mo‘minov tashabbusi bilan Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti talabalari uchun mahorat darsi tashkil etildi. Mashg‘ulotni Marmara universiteti professori Can Yoney olib bordi. Mahorat darsida xalqaro ommaviy huquq va xalqaro xususiy huquq sohalaridagi dolzarb masalalar, ushbu yo‘nalishlarda ko‘p yillik amaliy tajriba, shuningdek, Turkiya Respublikasi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik hamda ularning xalqaro munosabatlardagi o‘rni va roli yuzasidan atroflicha fikr almashildi. *** Toshkent davlat yuridik universiteti “Karyera” klubi tomonidan talabalarning xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida “TOP universitetlarga grant yutish sirlari” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi. Mashg‘ulotni TDYU o‘qituvchisi va PhD tadqiqotchisi, Sidney universiteti magistratura bitiruvchisi, ko‘plab xalqaro grantlar sohibasi hamda 20 ga yaqin davlatlarda xalqaro tajribaga ega mutaxassis Munisa Rayimova olib bordi. Mahorat darsi davomida ishtirokchilarga nufuzli xorijiy universitetlarga grant topish va ularga to‘g‘ri ariza topshirish tartibi, kuchli motivatsion xat yozish bo‘yicha amaliy tavsiyalar, suhbat jarayonida o‘zini munosib tarzda namoyon etish usullari hamda muvaffaqiyatli stipendiatlarning real tajriba va maslahatlari taqdim etildi.
28.12.2021

Barcha yangiliklar

Hodisalar

Barcha e'lonlar