Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) Surayyo Rahmonova, TDYU rektori, professor Baxshillo Xodjayev, ikki muassasa vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda bolalar huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, ushbu sohada ilmiy-tadqiqot faoliyatini kengaytirish, ta’lim va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish, TDYU talabalari va yosh mutaxassislarining bolalar huquqlari bo‘yicha huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ularning amaliy ko‘nikmalarini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Imzolangan memorandumga ko‘ra, endilikda ikki muassasa hamkorlikda bolalar huquqlariga oid milliy qonunchilikni rivojlantirishga qaratilgan taklif va tashabbuslarni ishlab chiqadi, qo‘shma ilmiy-amaliy tadbirlar, seminar-treninglar tashkil etadi.
Shuningdek, hujjatga ko‘ra, kelgusida talabalar amaliyotini tizimli yo‘lga qo‘yish, aholi, ayniqsa, bolalar va ota-onalarning huquqiy ongini oshirishga xizmat qiladigan targ‘ibot-tashviqot loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Mazkur hamkorlik bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan tizimli ishlarni yanada kuchaytirish, davlat organlari va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi samarali aloqalarni mustahkamlash, bolalar huquqlarini ta’minlash borasida zamonaviy, ilmiy asoslangan va amaliy mexanizmlarni joriy etishga xizmat qiladi.