O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-1-son Qarori ijrosi doirasida TDYU talabalari mahallalarda amaliyot o‘tamoqda
Toshkent davlat yuridik universiteti Ommaviy huquq fakulteti 4-kurs talabalari bitiruv malakaviy amaliyotini bevosita mahallalarda o‘tamoqda. Bu jarayon talabalarning nazariy bilimlarini real hayotiy vaziyatlar bilan uyg‘unlashtirish, ularni kelgusidagi kasbiy faoliyatga puxta tayyorlashga xizmat qilmoqda.
Amaliyot jarayonida talabalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-son Qarori, 2026-yil 7-yanvardagi “2026-yilda respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-2-son Qarori hamda 2025-yil 26-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-232-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etmoqda.
Xususan, talabalar mahallalarda huquqiy targ‘ibot ishlarini olib borish, aholi bilan bevosita muloqot qilish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarda qatnashib, mahalla tizimida huquqiy muhitni mustahkamlashga doir amaliy ko‘nikmalarni egallamoqda.
Mazkur amaliyot yuridik ta’limda nazariya — amaliyot — natija uzviyligini ta’minlash, talabalarni jamiyat ehtiyojlariga mos, malakali va mas’uliyatli huquqshunos kadrlar etib tayyorlashga xizmat qiladi.