Oʼzbekcha
English Русский
Universitet Ta'lim Ilmiy-innovatsion faoliyat
Xalqaro faoliyat Talabalar hayoti Qabul 2025 SDG
Oʼzbekcha
English Русский
Network error!

Mahallalarda jinoyatchilikka qarshi kurashishda ilmiy yondashuv va amaliy tajriba integratsiyasi muhokama qilindi

Toshkent davlat yuridik universitetida “Mahallalarda jinoyatchilikka qarshi manzilli kurashishda ilmiy yondashuv va amaliy tajriba integratsiyasi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Toshkent davlat yuridik universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori hamda Jinoiy odil sudlov fakulteti Tadqiqot markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan anjumanda davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda oliy ta’lim muassasalari vakillari, shuningdek, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi hamda boshqa tashkilotlar mutaxassislari ishtirok etdi.

Jinoyatchilikka qarshi kurashishda ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mutaxassislarining boy tajribasidan foydalangan holda tayyorlanayotgan ilmiy ishlanmalarni yanada takomillashtirish maqsadida o‘tkazilgan tadbirda jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini takomillashtirish, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish hamda ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Konferensiyada ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-son qarorida jinoyatlarning sabab va shart-sharoitlarini ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilish hamda ularning barvaqt oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlarni joriy etish vazifalari belgilangan.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan jinoyatchilik holatlarini chuqur tahlil qilish, ularning kriminogen omillarini o‘rganish hamda profilaktika ishlarining samaradorligini oshirishga qaratilgan ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Xususan, universitet tomonidan jinoyatchilikning 12 turi bo‘yicha ilmiy-metodik ishlanmalar tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda. Konferensiya davomida jinoyatchilikning ayrim turlari bo‘yicha ishlab chiqilgan ushbu ilmiy-metodik qo‘llanmalar taqdimoti ham o‘tkazildi.

Shuningdek, anjumanda mahallalarda kriminogen vaziyatni tahlil qilish, jinoyat o‘choqlarini aniqlash, jinoyatchilik sabablarini ilmiy asosda o‘rganish hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan zamonaviy metodikalar muhokama qilindi. Mutaxassislar tomonidan mahallalarda jinoyatchilikni barvaqt oldini olish mexanizmlarini takomillashtirish, profilaktika ishlarini manzilli tashkil etish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini ilmiy yondashuvlar asosida qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Tadbir davomida jinoyatchilikka qarshi kurashishda davlat organlari, mahalla institutlari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari hamda ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, jinoyatchilikka qarshi samarali kurashish faqatgina jazoni kuchaytirish orqali emas, balki jinoyatlarning kelib chiqish omillarini chuqur tahlil qilish, ijtimoiy profilaktika choralarini kengaytirish hamda aholi bilan manzilli ishlash orqali ta’minlanishi qayd etildi.

Konferensiya doirasida olimlar va amaliyotchi mutaxassislar o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etilib, tayyorlanayotgan ilmiy-metodik ishlanmalarni yanada takomillashtirish, ularni amaliyotga joriy etish va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlarni ishlab chiqish yuzasidan takliflar bildirildi.

Anjuman yakunida bildirilgan fikr va tavsiyalar asosida jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarni davom ettirish, ishlab chiqilgan ilmiy-metodik ishlanmalarni yanada takomillashtirish, ularni amaliyotga joriy etish hamda mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Mazkur konferensiya ilm-fan va amaliyot o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishda zamonaviy ilmiy yondashuvlarni keng joriy etish hamda mamlakatimizda barqaror va xavfsiz ijtimoiy muhitni ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Hodisalar

Barcha e'lonlar