Toshkent davlat yuridik universitetining Huquqni sohalararo o‘rganish fakulteti tashabbusi bilan talabalarning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, ularni mehnat bozori talablariga tayyorlash va ish beruvchilar bilan bog‘lash maqsadida “Karyera kuni” mehnat va kasb yarmarkasi tashkil etildi.
Yarmarkada 13 ta davlat organi va tashkilot, jumladan, Adliya vazirligi, Oliy sud va Bosh prokuratura, Notarial palata va Majburiy ijro byurosi, Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligining Toshkent shahar filiali, Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, Qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish ta’sirini baholash instituti, O‘zbekiston Milliy arxivi, ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari hamda kinofotofono hujjatlari milliy arxivlari, Toshkent shahar arxiv ishi hududiy boshqarmasi va Toshkent viloyat sudi vakillari ishtirok etdi.
Yarmarka davomida talabalar ish beruvchilar bilan yuzma-yuz muloqot qilib, bo‘sh ish o‘rinlari, amaliyot va stajirovka dasturlari, ishga qabul qilish talablari hamda kasbiy rivojlanish istiqbollari haqida ma’lumot oldi.
Tadbir yakunida yarmarkada faol qatnashgan hamkor tashkilotlar vakillariga tashakkurnomalar topshirilib, ularning yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash va bandligini ta’minlashdagi hissasi e’tirof etildi.