Polshaning Varshava shahrida Insoniylik mezonlari bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi tomonidan tashkil etilgan nufuzli xalqaro anjumanda Toshkent davlat yuridik universiteti Mehnat huquqi sho‘basi o‘qituvchisi, Yosh yuristlar jamoat birlashmasi raisi Malika Eraliyeva ma’ruza qildi.
Ma’ruzada so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari, odil sudlov tizimini takomillashtirish hamda har bir insonning adolatli sud muhokamasiga bo‘lgan huquqini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, xalqaro konferensiya ishtirokchilariga mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini kafolatlashga qaratilgan qonunchilikdagi o‘zgarishlar, xalqaro huquq normalarini milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga joriy etish borasida qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ma’lumot uchun: Insoniylik mezonlari konferensiyasi inson huquqlari, demokratik institutlar va qonun ustuvorligi sohasidagi dolzarb masalalarni xalqaro darajada muhokama qilish, tajriba almashish hamda davlatlar va fuqarolik jamiyati vakillari o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish uchun muhim platforma hisoblanadi.